[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

18.05.2026. 2023 yilning 5 dekabr’ kuni Jizzax viloyati Forish tumanidagi “Karbonat” aksiyadorlik jamiyati payvandlovchisi Elmurod Samanovning hayoti keskin o‘zgardi. U korxona tegirmoni tomini ta’mirlayotgan vaqtda kutilmaganda 3 metr balandlikdan yiqilib tushdi.

Og‘ir jarohat olgan ishchi to‘rt oy davomida davolandi. Keyinchalik G‘allaorol tumanlararo 29-sonli tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik xulosasiga ko‘ra, unga II guruh nogironligi belgilandi. Zero, jabrlanuvchi kasbiy mehnat layoqatining 70 foizini yo‘qotgan edi.

Biroq “Karbonat” AJ rahbariyati ishchining sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan bir martalik va har oylik tovon pullarini amalga oshirishdan bosh tortdi. Shundan so‘ng Elmurod Samanov O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Jizzax viloyati Kengashiga murojaat qildi.

Kasaba uyushmasi mutasaddilari tomonidan korxonaga ishchining qonuniy talablarini qondirish yuzasidan tegishli taqdimnoma kiritildi. Ammo ushbu murojaat e’tiborsiz qoldirildi.

Natijada 2024 yil 18 iyul’ kuni ish sudda ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyati zimmasiga 37 million 884 ming so‘m miqdorida bir martalik tovon puli, har oy 4 million 418 ming so‘mdan to‘lov hamda 2 million so‘m ma’naviy zararni qoplash majburiyati yuklatildi.

Ish beruvchi dastlab ushbu mablag‘larni to‘ladi. Biroq ko‘p o‘tmay har oylik to‘lovlarni kechiktira boshladi. Shu sababli 2025 yilda ish yana sud tartibida ko‘rib chiqildi. Bu safar sud “Karbonat” AJdan 18 million 784 ming so‘m jamlanib qolgan qarzdorlik va 1 million so‘m ma’naviy zararni undirish haqida qaror chiqardi.

Afsuski, ushbu qarordan keyin ham korxona rahbariyati o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarmadi. 2025 yil mart oyidan boshlab to‘lovlar yana to‘xtatildi.

Bu safar kasaba uyushmasiga sobiq payvandlovchining turmush o‘rtog‘i Oysafar Turg‘unova ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Navbatdagi sud jarayonida ish beruvchidan yana 32 million 275 ming 605 so‘m to‘lov hamda 1 million so‘m ma’naviy zarar undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilindi.

Mazkur holat mehnat huquqlarini himoya qilishda kasaba uyushmalarining o‘rni va ahamiyati naqadar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Alisher Burxanov

Jizzax viloyati Kengashi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yetakchi mutaxassisi