[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

07.09.2026. Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri va Koson tumanida yashovchi bir guruh fuqaroning buzilgan mehnat huquqlari O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi va sud yordamida to‘liq tiklandi.

Abror Shomamatov, Alisher Shomamatov, Nazokat Yaxyoeva va Ra’no Jumanazarova yillar davomida halol mehnat qilib kelgan «Qashqadaryo parmalash ishlari» AJda ish haqi va ta’til pullari to‘lanmagani sababli kasaba uyushmasidan yordam so‘rab murojaat qilishgan edi.

Murojaatni kengashning mehnat huquqi inspektori Sh. Sottarov va fuqarolar hamda yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassis O. Mahmudov sinchiklab o‘rgandi. Tekshiruv yakunida korxona rahbariyati quyidagi to‘rt nafar xodimning haq-huquqini qo‘pol ravishda poymol qilgani aniqlandi:

Alisher Shomamatov, 2011 yildan beri ta’mirlovchi-chilangar — 11 954 250 so‘m maosh va ta’til puli berilmagan;
Ra’no Jumanazarova, 2015 yildan beri EHM operatori — 14 590 909 so‘m maosh va ta’til puli to‘lanmagan;
Nazokat Yaxyoeva, 2026 yil 18 maydan boshqaruv apparati kotibasi — 9 142 500 so‘mlik maoshi o‘z vaqtida berilmagan;
Abror Shomamatov, 2011 yildan beri chilangar — 11 954 250 so‘m maosh va ta’til puli qarzdorligi yuzaga kelgan.

Bu bilan korxona Mehnat kodeksining ish haqi to‘lash muddatlariga (243-modda), ta’til pulini berishga (233-modda) va tegishli boshqa majburiyatlarga (253-modda) doir talablarini qo‘pol buzgan.

Xodimlar manfaatini himoya qilish uchun kasaba uyushmalari federatsiyasining viloyat kengashi Qarshi tumanlararo fuqarolik ishlari sudiga da’vo bilan murojaat qildi. Sud 2026 yil 18 avgustda da’voni to‘liq qondirdi: Mehnat kodeksining 333-moddasiga asosan har bir kechiktirilgan kun uchun kompensasiya ham hisoblab qo‘shilib, «Qashqadaryo parmalash ishlari» AJdan ishchilar foydasiga jami 132 662 557 so‘m undirilishi belgilandi.

Natijada to‘rt nafar ishchining huquqi to‘liq tiklandi — ular halol mehnati evaziga topgan pulini nihoyat qo‘lga kiritdi.