[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

22.09.2026. Qirg‘iziston Respublikasining Bishkek shahrida «Xavfsiz va munosib mehnat: xodimlarning hayoti, salomatligi va mehnat huquqlarini ta’minlashda kasaba uyushmalarining roli» mavzusida xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Xalqaro mehnat tashkiloti, davlat organlari, ish beruvchilar, soha ekspertlari hamda Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Gruziya, Ozarbayjon va O‘zbekiston kasaba uyushmalari vakillari ishtirok etdilar.

Xalqaro muloqot davomida xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlarini ta’minlash, kasbiy xavflarni baholash va ularning oldini olish, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari profilaktikasini kuchaytirish, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy muloqotni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining 155 va 187-sonli konvensiyalarining ahamiyati, raqamlashtirish, avtomatlashtirish, sun’iy intellekt va iqlim o‘zgarishi ta’sirida yuzaga kelayotgan yangi kasbiy va psixoijtimoiy xavflar, ularni boshqarishning zamonaviy yondashuvlariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari vakillari tomonidan mamlakatimizda mehnatni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va milliy tajriba taqdim etildi. Xususan, O‘zbekiston Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bosh mutaxassisi Marat Adilov «Mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini mustahkamlash: siyosat, ijtimoiy muloqot va profilaktikada kasaba uyushmalarining roli», O‘zbekiston Energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bosh mutaxassisi Dildora Baratova esa «Raqamlashtirish, avtomatlashtirish va sun’iy intellekt sharoitida mehnatni muhofaza qilish» mavzusida ma’ruza qildi.

Shuningdek, ishtirokchilar Qirg‘iz Respublikasi Mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vazirligi huzuridagi Respublika protez-ortopediya buyumlari muassasasida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha amaliy tajriba bilan tanishdilar.

Tadbir doirasida Isik-Ota sanatoriysida «Kasaba uyushmalari birdamligi xiyoboni»ni tashkil etish bo‘yicha ekologik aksiya ham o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston vakillari tomonidan qayin daraxtlari ekilib, mazkur tashabbus xalqaro kasaba uyushmalari o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va birdamlik ramzi bo‘ldi.

Xalqaro tadbir mehnatni muhofaza qilish sohasida tajriba almashish, ilg‘or amaliyotlarni o‘rganish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda xodimlar uchun xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini ta’minlashda kasaba uyushmalarining rolini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.