[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

25.09.2026. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashida kasaba uyushma a’zolarining huquqiy savodxonligini oshirish, mehnat sohasidagi huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish maqsadida “Mehnat huquqlari bo‘yicha maslahat kuni” mavzusida anjuman tashkil etildi.

Unda korxona, tashkilot va muassasalardagi boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari raislari hamda kasaba uyushma faollari ishtirok etdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — mehnat munosabatlarida xodimlarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, amalda uchrayotgan muammolarga huquqiy yechim topishdan iborat bo‘ldi.

Anjuman ochiq muloqot shaklida o‘tkazildi. Ishtirokchilar tomonidan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish, ish vaqti va dam olish vaqti, mehnat ta’tili, mehnat nizolarini hal etish, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarda qonunchilik talablariga rioya etilishi kabi masalalar yuzasidan savollar berildi.

Savollarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Qobiljon Qirg‘izaliev, Federatsiyaning Yuridik bo‘limi mudiri Xamidulla Premqulov, mehnat huquq inspektori Nargiza Asadova, Jamshid Kadirov hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Erkinjon Nuraliev atroflicha javob berdilar.

Muloqot jarayonida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha nafaqat huquqiy tushuntirishlar, balki amaliyotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal etishda muhim bo‘lgan tavsiyalarga ham ega bo‘ldilar.

— Tadbirda o‘zimizni qiziqtirgan savollar bo‘yicha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mas’ullaridan atroflicha javob oldim. Ayniqsa, ish jarayonida duch kelayotgan masalalarni mutaxassislar ishtirokida muhokama qilish biz uchun juda foydali bo‘ldi. Tadbir davomida olgan ma’lumotlarimizdan kelgusida kasaba uyushma a’zolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishda foydalanamiz, — deydi Quva tumanidagi 21-maktab boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Muhammadrizo Abdurahimov.