02.10.2026. “O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida” 2022 yil 15 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida jamoatchilik nazorati doirasida Genderga oid audit o‘tkazish belgilangan. Mazkur audit davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda genderga oid auditni o‘tkazish uslubiyati asosida amalga oshiriladi.
Gender huquqlarda tenglikni ta’minlash masalasi butun dunyoda dolzarb hisoblanadi. Bu bejiz emas, chunki gender huquqlarda tenglikka erishish jamiyat hayotining barcha jabhasida barqaror taraqqiyotga erishish uchun asosiy poydevor yaratib beradi. Gender – bu xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihati hisoblanadi.
Tan olish kerak, 9-10 yil avval bu boradagi islohotlarning ko‘pi qog‘ozda qolib ketgan. Ayrim holatlarda ayollar o‘zlarini namoyon etishlari uchun sharoitlar kamlik qilgan. Masalan, ayol tadbirkorlik qilaman, desa, preferensiyalar berish tizimi yo‘q edi. Umuman, ularga imtiyozlar yaratish bo‘yicha huquqiy baza yaratilgan bo‘lsa-da, shularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha aniq “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmagan edi. Oqibatda jamiyatning aslida faol bo‘lishi kerak bo‘lgan mazkur qatlami tobora passivlashib ketgan edi. Bugungi kunda esa Yangi O‘zbekistonda ushbu soha davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 2023 yildan buyon davlat organlari va tashkilotlarida Genderga oid audit o‘tkazib kelinmoqda. Genderga oid auditning navbatdagisi Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Agrosanoat majmui tarmog‘i tizimidagi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida o‘tkazildi.
Audit yakuniga bag‘ishlangan seminarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi mutasaddilari, shuningdek, mazkur qo‘mita tasarrufidagi tashkilot va muassasalarning Xotin-qizlar va gender tenglik bo‘yicha Maslahat kengashi a’zolari hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi a’zolari ishtirok etdilar. Seminarda o‘tkazilgan Genderga oid audit jarayonlari, uning normativ-huquqiy asoslari, asosiy tamoyillari to‘g‘risida batafsil ma’lumot va tushuntirishlar berildi.
Seminarda qayd etilganidek, Genderga oid auditning asosiy vazifalari:
davlat organlari va tashkilotlarida xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbatini o‘rganish;
davlat organlari va tashkilotlari o‘z faoliyatini genderga doir kompleks yondashuv asosida tashkil etganligi holatini o‘rganish;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi qonunchilikning ijro etilishini baholash;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iboratdir.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mehnat texnik-inspektori Muqaddas Muyitdinova tadbirda so‘zga chiqib, auditning amaliy jarayoni haqida batafsil to‘xtaldi:
— Genderga oid audit qo‘mita markaziy apparati, uning tizimidagi 8 ta tashkilot va 14 ta hududiy bosh boshqarmasida besh bosqichda o‘tkazildi, — deydi u. — 1-bosqichda shtat jadvallari, lavozim yo‘riqnomalari, mehnat va jamoa shartnomalari, ichki hujjatlar va murojaatlar gender nuqtai nazaridan tahlil qilindi. 2-bosqichda 30 ta savoldan iborat anonim so‘rovnomada 2003 nafar xodim ishtirok etdi. 3-bosqichda 320 nafar xodim bilan individual suhbatlar o‘tkazildi. 4-bosqichda tashkil etilgan 18 ta interaktiv seminarda 740 nafar xodim qatnashdi. 5-bosqichda esa natijalar umumlashtirilib, yakuniy hisobot tayyorlandi. Shuningdek, xodimlarning gender tarkibi, kadrlar zahirasi, ma’lumot va malaka oshirish, mehnatga haq to‘lash masalalari ham atroflicha o‘rganildi.
Tadbir ishtirokchilaridan biri, qo‘mita xodimlaridan biri o‘z fikrini shunday bayon qildi:
— Oxirgi 10 yil ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbuslari bilan mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilash, oila institutini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementasiya qilish, shuningdek, ayollar huquqiy madaniyatini oshirish kabi yo‘nalishlarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, har qanday davlat va jamiyatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati va g‘amxo‘rligi bilan belgilanadi. Mamlakatimizda xalqni rozi qilish maqsadida amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularning o‘qishi, ishlashi, salomatligi, oilasi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
U shuningdek “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini misol sifatida keltirib, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning teng ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan maxsus dasturlar qabul qilinayotgani va shu asnoda gender tenglikni ta’minlash mexanizmlari yildan yilga takomillashib borayotganini ta’kidladi.
Yuqorida ta’kidlangan Qonunda genderga oid audit o‘tkazishning huquqiy asoslarini mustahkamlash, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari ta’minlanishi va ushbu sohada jamoatchilik nazorati o‘tkazilishini kuchaytirish belgilab berilgan.
Seminarda mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Yakunda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский